Prezident tomonidan 22 iyun kuni imzolangan qonun bilan davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan komplayens xizmatlari xodimlarining vakolatlari va huquqiy himoyasi kuchaytirildi.
Yangi tartibga ko‘ra, komplayens xizmatlari tegishli tashkilotlarning obyektlariga to‘sqinliksiz kirish, xizmat faoliyati uchun zarur bo‘lgan hujjat va ma’lumotlar bilan tanishish hamda aniqlangan korrupsiyaviy holatlar yuzasidan taqdimnomalar kiritish huquqiga ega bo‘ladi.
Qonunda komplayens tizimining mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan alohida normalar ham nazarda tutilgan. Xususan, agar tashkilotning birinchi rahbarida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari aniqlansa yoki uning jinoiy guruh faoliyatiga rahnamolik qilayotgani haqida yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, komplayens bo‘yicha o‘rinbosar yuqori turuvchi komplayens xizmati bilan kelishgan holda tegishli hujjat va ma’lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bevosita taqdim etishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, komplayens tuzilmalari xodimlarining huquqiy himoyasi ham kuchaytirildi. Endilikda ularga nisbatan jinoyat ishi faqat bosh prokuror tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
Qonun mualliflari ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimining mustaqilligi hamda samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, komplayens xizmatlarining ta’sirchan faoliyat yuritishi uchun qo‘shimcha huquqiy kafolatlar yaratiladi.