Yangi Toshkent shahriga davlat idoralarini bosqichma-bosqich ko‘chirish jarayoni doirasida bir qator vazirlik, idora va mahalliy hokimliklarning ma’muriy binolari elektron auksion savdolariga qo‘yildi.
Sotuvga chiqarilgan obyektlar orasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Bektemir va Shayxontohur tumanlari hokimliklari, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi hamda Agro sanoat majmuyi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining ma’muriy binolari bor.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi binosi 180 milliard so‘m boshlang‘ich narx bilan savdoga qo‘yilgan. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi binosining boshlang‘ich narxi 279,8 milliard so‘mni tashkil etadi. Bektemir tumani hokimligi binosi 40,1 milliard so‘mdan, Shayxontohur tumani hokimligi binosi esa 101,6 milliard so‘mdan sotuvga chiqarilgan.
Shuningdek, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Chilonzor tumanida joylashgan asosiy o‘quv binolari ham auksionga qo‘yildi. Mazkur obyektning boshlang‘ich narxi 886,6 milliard so‘m etib belgilangan. Universitetning boshqa hududlarda joylashgan fakultet binolari ham alohida lotlar sifatida savdoga chiqarilgan.
Ma’lum qilinishicha, sotuvga qo‘yilgan davlat obyektlari xaridor topgan taqdirda ham, amaldagi foydalanuvchilar ularni darhol bo‘shatmaydi. Binolar uch yil ichida yoki Yangi Toshkentdagi yangi ma’muriy binolar muddatidan oldin qurib bitkazilsa, belgilangan muddatdan avval topshiriladi.
Ayrim obyektlar ilgari ham savdoga qo‘yilgan, biroq xaridor topilmagan. Xususan, Shayxontohur tumani hokimligi binosi 2025 yil aprel oyida ham qariyb 102 milliard so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarilgan edi. Loyiha shartlariga ko‘ra, bo‘lajak investor ushbu hududda mehmonxona qurishi kerak bo‘ladi.
Davlat idoralarini Yangi Toshkentga ko‘chirish jarayoni bir necha bosqichda amalga oshirilmoqda. Rasmiy rejalarga ko‘ra, bo‘shayotgan binolar o‘rnida mehmonxonalar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etiladi. Bu orqali poytaxtning markaziy hududlarini turizm va biznes uchun yanada jozibador maskanga aylantirish maqsad qilingan.
Avvalroq, 2025 yil avgust oyida o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar Yangi Toshkentda vaqtincha tashkil etilgan binolarda faoliyat boshlagani ma’lum qilingan edi. Ular orasida Energetika, Transport, Qurilish va Ekologiya vazirliklari ham bor.