Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yil may oyida qonunchilik talablariga rioya qilmagan 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘lladi. Bu haqda Markaziy bank axborotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, jarimalar inspeksiya tekshiruvlari va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar, shuningdek, Markaziy bank talablariga muvofiq faoliyat yuritilmagani sababli qo‘llangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, may oyida Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan jami 8 ta yig‘ilish o‘tkazilib, ularda 36 ta masala ko‘rib chiqilgan. Shundan 26 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish bilan bog‘liq bo‘lgan.
Xususan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, mikromoliya va faktoring tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish, to‘lov tashkiloti litsenziyasining amal qilishini vaqtincha to‘xtatib turish, shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlarini ko‘rib chiqish masalalari muhokama qilingan.
Bundan tashqari, kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 10 ta masala ham ko‘rib chiqilgan. Ular orasida Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlariga rioya etilishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalari, taqsimlanmagan foydani taqsimlash hamda moliyaviy xizmatlarni sinov tariqasida joriy etishga qaratilgan “tartibga solish qumdoni” doirasidagi loyihalar muhokamasi ham o‘rin olgan.
Markaziy bank jarimaga tortilgan banklar va mikromoliya tashkilotlari nomlarini ochiqlamagan. Regulyator moliya bozorida qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ishlari davom ettirilishini ta’kidladi.