Bosh prokuratura huzuridagi Departament Janubiy Koreyaga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, fuqarolarni aldagan bir necha shaxslar qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Holatlar oqibatida kamida 56 nafar o‘zbekistonlik firibgarlik qurboniga aylangani aniqlangan.
Departamentning Xo‘jayli tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.R. go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali bir fuqaroni 10 250 dollar evaziga Janubiy Koreyaga ishga yuborishini va’da qilib, oldindan 5 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa muqaddam sudlangan fuqaro D.R. 55 ming dollar evaziga 10 nafar fuqaroni Koreyaga o‘qish va ishga yuborishni va’da qilib, 4 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida D.R. yana 46 nafar fuqarodan Koreyaga yuborish bahonasida jami 196 650 dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Samarqand viloyatida fuqaro J.X. ikki nafar fuqaroga 12 ming dollar evaziga ishchi vizasi rasmiylashtirib berishni va’da qilib, 3 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida esa fuqaro M.O. bir fuqaroni Koreyaga yuborish uchun ishchi viza olib berishini aytib, 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan tadbirlarda fuqaro N.T. bir fuqaroni Koreyaga ishga yuborish evaziga 1 900 dollar va 1,2 million so‘m olgan vaqtida, muqaddam sudlangan fuqaro Sh.B. esa sport vizasi orqali Koreyaga yuborishni va’da qilib, 1 300 dollar va 2,4 million so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Navoiy viloyatining Konimex tumanida fuqaro A.I. migratsiya tizimida ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, 1 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Farg‘ona viloyatidagi yana bir holatda fuqaro A.T. ikki nafar fuqaroni 9 600 dollar evaziga Koreyaga o‘qishga yuborishini aytgan. Tezkor tadbir davomida uning topshirig‘i bilan fuqaro Sh.B. oldindan 600 dollar olayotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni xorijga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilayotgan shaxslarga pul topshirishdan oldin ularning vakolati va faoliyatini sinchiklab tekshirishga chaqirdi.