O‘zbekistonda Harbiy-havo kuchlari jangovar qo‘mondonligi tashkil etiladi. Bu prezident farmonida belgilangan bo‘lib, mazkur ma’lumotni mudofaa vaziri general-leytenant Shuhrat Xolmuhammedov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni mudofaa sohasidagi ayrim masalalar yuzasidan o‘tkazilgan taqdimot bilan tanishgan. Unda havo sarhadlarini himoya qilishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish va aviatsiya bo‘linmalarini zamon talablariga mos ravishda qayta tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.
Mudofaa vazirining aytishicha, prezident havo hujumidan mudofaa tizimlari, yuqori aniqlikdagi qurollar va harbiy aviatsiyani samarali qo‘llashga qaratilgan farmonni imzolagan. Hujjatga muvofiq, mavjud qo‘mondonlik negizida zamonaviy raqamlashtirilgan boshqaruv tizimiga ega Harbiy-havo kuchlari jangovar qo‘mondonligi tashkil etiladi.
Shuningdek, yuqori aniqlikdagi qurollar bilan jihozlangan aviatsiya texnikalari hamda uchuvchisiz aviatsiya komplekslariga ega yangi bo‘linmalarni shakllantirish orqali harbiy-havo kuchlarining jangovar salohiyatini oshirish choralari belgilangan.
“Ushbu farmon harbiy aviatsiya va havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarining jangovar imkoniyatlarini ikki barobarga oshirishga, muhim va strategik obyektlarni havo zarbalaridan himoya qilish qobiliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi”, dedi Shuhrat Xolmuhammedov.
Taqdimotda harbiy hisobga olish, tibbiy va chaqiruv komissiyalari faoliyatini raqamlashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Takliflarga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan va ID-karta olgan o‘g‘il bolalar haqidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining axborot tizimidan avtomatik olinib, ularni harbiy hisobga qo‘yish tartibi joriy etiladi.
Bundan tashqari, mudofaa ishlari bo‘limlarida tibbiy komissiyadan o‘tish amaliyoti bekor qilinishi rejalashtirilmoqda. Fuqarolar tibbiy ko‘rikdan tuman va shahar markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarida o‘tadi.
Prezident harbiy tibbiyot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasidagi bitimni ham tasdiqlagan. Bitim stomatologiya, farmatsevtika, davolash ishi va boshqa yaqin yo‘nalishlarda mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish, tajriba almashish hamda bemorlarni davolash sohasida hamkorlikni nazarda tutadi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar va mudofaa tizimi fuqarolik xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qaror ham qabul qilingan. Unga ko‘ra, Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar uchun uy-joy ijarasi bo‘yicha pul kompensatsiyasi 25 foizga oshiriladi.
Bundan tashqari, mudofaa ishlari organlari fuqarolik xodimlarining ish haqi 2026-yil 1-iyuldan 20 foizga, 2027-yil 1-yanvardan esa qo‘shimcha 50 foizga oshirilishi belgilandi.
Last Update: 09/06/2026