Raqobat qo‘mitasi qurilish sohasida iste’molchilar huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq murojaatlar soni keskin ortganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2025-yil davomida ushbu yo‘nalishda 1 706 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragidayoq ularning soni qariyb mingga yetgan.

Murojaatlarda asosan qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishi, amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilishi, shartnoma shartlariga rioya qilinmasligi hamda uy-joylarning belgilangan muddatlarda topshirilmasligi bilan bog‘liq holatlar tilga olingan.

Shuningdek, ayrim quruvchi tashkilotlar tomonidan tegishli ruxsatnomalarsiz uy-joylar uchun oldindan to‘lovlar qabul qilinayotgani, texnik talablarga javob bermaydigan qurilish materiallaridan foydalanilayotgani va reklamada va’da qilingan loyihalar amalda bajarilmayotgani yuzasidan ham shikoyatlar kelib tushgan.

Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi fuqarolarga hali qurilmagan uy-joylar uchun to‘lov qilish yoki yangi ko‘p qavatli uy-joylardan xonadon xarid qilishdan oldin shartnoma shartlarini sinchiklab o‘rganishni tavsiya qildi.

Xususan, quruvchi va xaridorning huquq hamda majburiyatlari, qurilish va foydalanishga topshirish muddatlari, shuningdek, ushbu muddatlar buzilganda javobgarlik masalalari shartnomada aniq belgilanganiga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Qo‘mita quruvchi korxonalarni ham amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilishga chaqirib, qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda tegishli ta’sir choralari qo‘llanilishidan ogohlantirdi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 08/06/2026