O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mamlakatdagi xavfsizlik vaziyati keskinlashishi mumkinligi munosabati bilan fuqarolarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.

Diplomatik vakolatxona Isroilda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan shaxsiy xavfsizlik choralarini kuchaytirishni hamda Isroil Front orti qo‘mondonligi ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishni so‘radi.

Elchixona tavsiyalariga ko‘ra, fuqarolar:

  • doimo himoyalangan joylarga yaqin hududlarda bo‘lishi;
  • havo hujumi xavfi haqida signal yoki sirena yangraganda zudlik bilan boshpanaga kirishi;
  • rasmiy ruxsat berilmaguncha himoyalangan joyni tark etmasligi;
  • rasmiy xabarlar va favqulodda ko‘rsatmalarni muntazam kuzatib borishi lozim.

Ogohlantirish mintaqadagi keskinlik fonida yangradi. Xabarlarga ko‘ra, 7-iyun kuni Eron Isroil hududiga raketalar uchirgan. Bu aprel oyida erishilgan sulhdan keyingi ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri raketa hujumi sifatida qayd etilgan. Isroil harbiylari mamlakatning ayrim hududlarida havo hujumi xavfi sirenalari ishga tushirilganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, 8-iyun kuni ham Isroil armiyasi Eron tomonidan raketalarning navbatdagi to‘lqini uchirilganini bildirgan. Havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushirilgan, ayrim hududlarda ogohlantirish sirenalari yangragan.

O‘zbekiston elchixonasi fuqarolarni vaziyatga jiddiy yondashishga, xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga va faqat rasmiy manbalardan tarqatilayotgan ma’lumotlarga tayanishga chaqirdi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 08/06/2026