Toshkent viloyatining Zangiota tumanida transport harakatini yaxshilashga qaratilgan yirik infratuzilma loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Sobir Rahimov va O‘rtaovul bekatlari oralig‘ida joylashgan, transport qatnovida noqulayliklar keltirib chiqarayotgan temiryo‘l kesishmasi o‘rnida yangi yo‘l o‘tkazgich barpo etiladi.

Qurilish ishlariga start berish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev ishtirok etdi.

Loyiha doirasida uzunligi 23,6 metr bo‘lgan zamonaviy yo‘l o‘tkazgich qurilishi rejalashtirilgan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, inshoot foydalanishga topshirilgach, transport oqimining uzluksiz harakatlanishi ta’minlanadi, tirbandliklar kamayadi va harakat xavfsizligi sezilarli darajada oshadi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” ma’lumotiga ko‘ra, loyiha hudud aholisi uchun uzoq yillardan buyon dolzarb bo‘lib kelayotgan transport muammolarini hal etishga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi yo‘l o‘tkazgich haydovchilar va piyodalar uchun yanada qulay va xavfsiz sharoit yaratishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Toshkent shahridagi Mustaqillik shohko‘chasi, Mirzo Ulug‘bek va Buyuk ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida, ya’ni Buyuk ipak yo‘li metro bekati yaqinida ham ikki qavatli yo‘l o‘tkazgich qurilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan edi.

Loyiha mualliflari hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur inshoot qurib bitkazilgach, M1 massividan Temur Malik ko‘chasigacha bo‘lgan 8 kilometr masofani bosib o‘tish vaqti tig‘iz soatlarda o‘rtacha 25 foizga qisqaradi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 05/06/2026