Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi Janubiy Surxon suv omborida qayiq ag‘darilib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 1-iyun kuni soat 17:30 lar atrofida sodir bo‘lgan. 112 qisqa raqami orqali kelib tushgan murojaatda suv omborida qayiq ag‘darilib, undagi fuqarolar suvga tushib ketgani ma’lum qilingan.

Voqea joyiga yetib borgan qutqaruvchilar qayiqda bo‘lgan 5 nafar fuqarodan 4 nafari qirg‘oqqa mustaqil ravishda suzib chiqqanini aniqlagan. Bir fuqaro esa suvdan chiqolmay qolib, cho‘kib ketgan.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan qutqaruvchilar tomonidan suv havzasida keng ko‘lamli qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Hozirda voqea joyida Qumqo‘rg‘on tumani prokuraturasi, ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan hodisaning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 03/06/2026