O‘zbekiston Afg‘oniston fermerlari va agrar tuzilmalariga qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini beg‘araz yordam sifatida yetkazib berdi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, yordam Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan tashkil etilgan. Afg‘oniston tomoniga ob-havo sharoitlariga chidamli va sertifikatlangan 20 tonna chigit hamda 20 tonna sholi urug‘lari topshirilgan.

Shuningdek, 500 kilogramm sabzavot va poliz ekinlarining saralangan, yuqori sifatli urug‘lari ham yetkazib berilgan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu urug‘liklar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish samaradorligini oshirish, hosildorlikni ko‘paytirish hamda fermer xo‘jaliklarini sifatli ekin materiallari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Qayd etilishicha, ko‘rsatilgan amaliy yordam Afg‘onistonda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, qishloq aholisi bandligini oshirish va agrar sohada zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga ko‘maklashishi kutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston va Afghanistan o‘rtasidagi agrar hamkorlik mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash hamda iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 02/06/2026