Ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining pora olishdan voz kechgani uchun rag‘batlantirilayotgani haqidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik vakillari bunday amaliyotni tanqid qilib, pora olmaslik xodimlarning bevosita xizmat vazifasi ekanini ta’kidlamoqda.

Mazkur masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Daryo” so‘roviga izoh berdi.

Agentlikka ko‘ra, jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan e’tirozlar asosli hisoblanadi. Idora huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi doirasida pora olishdan voz kechgani uchun moddiy rag‘batlantirishni huquqiy jihatdan maqsadga muvofiq emas deb baholaydi.

Shu munosabat bilan Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida ushbu sohadagi suiiste’molchilik va turlicha talqinlarning oldini olishga qaratilgan yangi cheklovlar nazarda tutilgan.

Taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berganlik uchun beriladigan rag‘batlantirish choralari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holatlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Agentlik pozitsiyasiga ko‘ra, qonun ustuvorligini ta’minlash va korrupsiyaviy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri funksional majburiyati hisoblanadi.

Shuningdek, mazkur jarayonlar ustidan maxsus elektron platforma orqali markazlashgan nazorat o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda. Agentlikning ta’kidlashicha, bu budjet mablag‘larining asossiz sarflanishining oldini olish hamda rag‘batlantirish mexanizmlarini shaffoflashtirishga xizmat qiladi.

Shu tariqa, Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini xizmat vazifasini bajargani uchun alohida mukofotlash amaliyotini cheklash tarafdori ekanini ma’lum qildi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 01/06/2026