Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston va Qozog‘iston iqtisodiyoti jadal rivojlanayotganini aytib, Moskva ushbu davlatlar bilan yirik investitsion loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirayotganini bildirdi.
Rossiya rahbari bu haqda 9-may kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida gapirdi.
“Iqtisodiyoti tez rivojlanayotgan Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan ham xuddi shunday jarayon. Bizda yaxshi rejalar, jumladan, investitsion loyihalar bor”, dedi Putin.
U, shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan o‘tkazilgan muzokaralarga ham to‘xtaldi.
Putinning aytishicha, uchrashuvlarda asosiy e’tibor ikki tomonlama hamkorlikka qaratilgan.
“Albatta, biz ikki tomonlama aloqalarni muhokama qildik. Eng yaqin ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz — Belarus, Qozog‘iston hamda O‘zbekiston bilan munosabatlarimiz birlamchi ahamiyatga ega”, dedi Rossiya prezidenti.
9-may kuni Moskvaning Qizil maydonida Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan G‘alaba paradi bo‘lib o‘tdi.
Unda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, jumladan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham qatnashdi.