O‘zbekistonda fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan chiqarish tartibini belgilovchi yangi nizom tasdiqlandi.
Hukumatning 6-maydan kuchga kirgan qaroriga ko‘ra, ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari ushbu yo‘nalishdagi vakolatli organ etib belgilandi.
Nizomda “turgan joyi” va “yashash joyi” tushunchalariga ham aniqlik kiritilgan.
Unga ko‘ra, turgan joyi — fuqaro vaqtincha yashaydigan joy, jumladan mehmonxona, davolash muassasasi yoki boshqa vaqtinchalik turar joy hisoblanadi.
Yashash joyi esa fuqaro doimiy yashaydigan uy, kvartira, xizmat turar joyi, yotoqxona yoki boshqa turar joy sifatida belgilangan.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqaroni yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish har ikki tomon — mulkdor va fuqaro ishtirokida amalga oshiriladi. Ularning roziligi Face ID yoki Mobile ID tizimi orqali tasdiqlanadi.
Shuningdek, bir nechta uy yoki kvartiraga ega bo‘lgan fuqaro ulardan faqat bittasida doimiy ro‘yxatda turishi mumkin.
18 yoshga to‘lmagan fuqarolar esa ota-onasi, ulardan biri yoki vasiysi ro‘yxatdan o‘tgan manzilda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.
Qarorga ko‘ra, fuqaro yangi yashash joyiga ko‘chib kelganidan keyin 10 ish kuni ichida yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart. Turar joy mulkdori ham vakolatli organni bu haqda xabardor qilishi kerak.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun vakolatli organlarga, davlat xizmatlari markazlariga, “Aqlli” migratsiya shoxobchalariga murojaat qilish yoki YIDXP hamda “E-xabar berish” tizimi orqali onlayn ariza yuborish mumkin.
Nizomda qayd etilishicha, fuqaroning yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgani unga mazkur uy-joyga nisbatan mulk huquqini bermaydi.
Shuningdek, turar joy ijara yoki tekin foydalanish shartnomasi asosida berilganda, ijarachilar bir yildan oshmagan muddatga vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.
Bunda ijara yoki tekin foydalanish shartnomasi mulkdor tomonidan tasdiqlangach, ijarachi haqidagi ma’lumotlar “E-xabar berish” tizimiga real vaqt rejimida kiritiladi.
Qarorga ko‘ra, ayrim hududlarda fuqarolarning erkin harakatlanishi va yashash joyini tanlash huquqi cheklanishi mumkin. Bularga:
— chegara hududlari;
— yopiq harbiy shaharchalar;
— yopiq ma’muriy-hududiy hududlar;
— favqulodda holat yoki safarbarlik e’lon qilingan hududlar kiradi.
Shuningdek, turar joy xatlangan yoki uni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlangan bo‘lsa, fuqaroni ushbu manzilga ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilishi mumkin.