Vobkent tumanida YPX xodimi boshqaruvidagi avtomobil piyodani urib yubordi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng viloyat YHXB voqea yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, hodisa 27-aprel kuni soat 09:05 larda Buxoro viloyatining Vobkent tumani I.Buxoriy ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Viloyat YHXB xodimi Yo. Mavlonov o‘ziga tegishli Chevrolet Cobalt avtomobilini boshqarib ketayotib, piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan 2009-yilda tug‘ilgan S.N.ni urib yuborgan.
Hodisa oqibatida qiz yengil tan jarohatlari olgan.
Ma’lum qilinishicha, YPX xodimi jabrlanuvchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida uni shifoxonaga olib borgan.
Shuningdek, xodim voqea vaqtida xizmatda bo‘lgani, hushyor holatda avtomobil boshqargani va transport vositasini boshqarish uchun barcha tegishli hujjatlarga ega bo‘lgani aytilgan.
Mazkur holat yuzasidan Vobkent tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.