Toshkent shahar ma’muriy sudlari 2026-yilning birinchi choragida mahalliy hokimliklar bilan bog‘liq 38 ta ishni ko‘rib chiqib, 6 ta hokim qarorini haqiqiy emas deb topdi. Bu haqda sud raisi o‘rinbosari Akram Yusupov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida birinchi instansiya sudlari tomonidan 605 ta ish va ariza ko‘rib chiqilgan, yana 30 ta material tartibida ko‘rilgan. Natijalarga ko‘ra:

  • 139 ta ish qanoatlantirilgan,
  • 351 tasi rad etilgan,
  • 64 tasi tugatilgan,
  • 51 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.

Ko‘rib chiqilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,7 foizga kamaygan.

Shuningdek, sudlar tomonidan 76 ta xususiy ajrim chiqarilgan bo‘lib, ulardan 5 tasi asosida mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangan.

Akram Yusupovning ta’kidlashicha, ma’muriy sudlarda eng ko‘p davlat soliq organlari, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, mahalliy hokimliklar, Majburiy ijro byurosi, shuningdek qurilish sohasidagi mansabdor shaxslar ustidan berilgan shikoyatlar ko‘rilgan.

Xususan:

  • davlat soliq organlariga oid 125 ta ish ko‘rilib, 23 tasi qanoatlantirilgan, 79 tasi rad etilgan. Natijada 15 ta qaror haqiqiy emas deb topilgan;
  • pensiya jamg‘armasi bilan bog‘liq 55 ta ishdan 23 tasi qanoatlantirilgan, 19 tasi rad etilgan;
  • Majburiy ijro byurosiga oid 118 ta ishdan 20 tasi qanoatlantirilgan, 71 tasi rad etilgan. Aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha 17 ta ta’sir chorasi qo‘llangan.

Apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarida 257 ta ish ko‘rilgan bo‘lib, 206 tasida sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan, 43 tasida bekor qilingan.

Taftish instansiyasida esa 104 ta ish ko‘rib chiqilib, ularning 91 tasida sud hujjatlari o‘zgarishsiz qoldirilgan, 12 tasida bekor qilingan.

Hisobot davrida sudga jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek Prezident virtual qabulxonasi, Bosh prokuratura va boshqa idoralar orqali jami 175 ta murojaat kelib tushgan. Sud ma’lumotiga ko‘ra, ularning barchasiga yozma javob berilgan.

Bundan tashqari, sud rahbariyati va sudyalar tomonidan 35 nafar fuqaro qabul qilinib, ularga qonuniy huquqlari yuzasidan tushuntirishlar berilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 05/05/2026