Qashqadaryo viloyatida lolaqizg‘aldoqlarga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan uch nafar shaxsga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda keng dalada gullarni payhon qilgan holda raqsga tushilgan, yana bir holatda esa avtomobil bilan o‘simliklar ustidan bosib o‘tilgani aks etgan. Ushbu holatlar viloyat ekopolitsiyasi tomonidan o‘rganilgan.

O‘rganish natijasida birinchi holatda tabiatga 6 mln 592 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan. Huquqbuzarlar — A.J. va G.B.ga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, ya’ni 10 mln 300 ming so‘mdan jarima belgilangan. Jami jarima 20 mln 600 ming so‘mni tashkil etgan.

Ikkinchi holatda ham tabiatga 6 mln 592 ming so‘m zarar yetkazilgani qayd etilgan. Huquqbuzar M.R.ga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, unga BHMning 50 baravari — 20 mln 600 ming so‘m miqdorida jarima tayinlangan.

Natijada har ikki holat bo‘yicha huquqbuzarlar tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan umumiy mablag‘ 54 mln 384 ming so‘mni tashkil etdi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 22/04/2026