O‘zbekistonda 21-apreldan kuchga kirgan qonun bilan qimmatbaho metallar va toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik joriy etildi.
Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, valyuta, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasidagi tushunchalar o‘zaro muvofiqlashtirildi. Shuningdek, Jinoyat kodeksiga “qimmatbaho metallar” va “qimmatbaho toshlar” atamalarining huquqiy ta’rifi kiritildi.
Hujjatda qayd etilishicha, qimmatbaho metallar qatoriga oltin, kumush, platina hamda platina guruhiga kiruvchi palladiy, iridiy, rodiy, ruteniy va osmiy kiradi. Qimmatbaho toshlar esa olmos, yoqut, zumrad, sapfir, aleksandrit hamda tabiiy marvaridni o‘z ichiga oladi (zargarlik buyumlari bundan mustasno).
Ma’muriy javobgarlik
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, qimmatbaho metallar yoki toshlarni noqonuniy olish yoki o‘tkazish:
- ushbu predmetlar musodara qilinishi bilan;
- 15 sutkagacha ma’muriy qamoq;
- yoki BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (4,12 mln so‘mdan 8,24 mln so‘mgacha) jarima bilan jazolanadi.
Jinoiy javobgarlik
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, agar bunday harakatlar uchun ilgari ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etilsa:
- BHMning 75 baravaridan 100 baravarigacha (30,9 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha) jarima;
- yoki 2–3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- yoki 1 yilgacha ozodlikni cheklash;
- yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.
Shuningdek, qonun bilan valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilindi.