Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 21-aprel kuni bo‘lib o‘tgan majlisida hududiy chegaralarni o‘zgartirishga oid qator masalalar ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Xususan, Surxondaryo viloyatidagi Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari chegaralarini o‘zgartirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Qaror loyihasiga ko‘ra, Jarqo‘rg‘on tumanidan 4 740 gektar yer Qiziriq tumani tarkibiga o‘tkaziladi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu o‘zgarishlar tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari hamda viloyat kengashlarida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va tasnifi ma’qullangan.
Ta’kidlanishicha, mazkur qaror 731 ta oilada istiqomat qiluvchi 4 230 nafar aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek qishloq xo‘jaligi, ayniqsa chorvachilikni rivojlantirish va bandlikni oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Navoiy viloyatidagi Zarafshon shahri va Tomdi tumani chegaralarini o‘zgartirish masalasi ham ma’qullandi. Unga ko‘ra, Tomdi tumanidan 2 459 gektar yer Zarafshon shahri tarkibiga o‘tkaziladi.
Mazkur taklif ham mahalliy kengashlar va mahalla fuqarolar yig‘inlarida muhokama qilinib, chegaralar bo‘yicha tegishli hujjatlar tasdiqlangan.
Qayd etilishicha, Zarafshon shahrining istiqbolli rivojlanish rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hududda uy-joylar, sanoat va ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 250 dan ortiq sanoat loyihalari, 90 ta ijtimoiy soha obyekti hamda 500 dan ziyod savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini barpo etish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur qaror loyihalari deputatlar tomonidan ma’qullandi.