O‘zbekistonda ishlab chiqilgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasida yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ipoteka kreditlari bo‘yicha qo‘shimcha yengilliklar joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ipoteka dasturi doirasida kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi davlat tomonidan qoplab berilishi nazarda tutilmoqda. Bu esa yosh oilalar uchun uy-joy sotib olishda moliyaviy yukni kamaytiradi.
Strategiyada yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslar ham ilgari surilgan. Jumladan, volontyorlik jamg‘armasi orqali 100 million so‘mgacha grantlar ajratish, faol yoshlarni davlat tashkilotlarida pulli amaliyotga jalb qilish, ilg‘or ijodkorlar uchun Prezident mukofotini joriy etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, kitob va buk-kafelar joylashgan “Yoshlar ko‘chalari”ni tashkil etish, hududlarda yoshlar infratuzilmasining minimal standartlarini belgilash va “yoshlar tuman-shaharlari” asosida namunaviy tizimni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Hujjatda yoshlar salomatligini mustahkamlash ham alohida yo‘nalish sifatida qayd etilgan. Xususan, ruhiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar ulushini 40 foizga kamaytirish, tun-u kun faoliyat yuritadigan psixologik aloqa markazini tashkil etish, sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar ulushini 25 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, yoshlar siyosatida ochiq muloqot va tahlil tizimini kuchaytirish maqsadida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilib, Milliy yoshlar indeksi shakllantiriladi. Yigit-qizlarning murojaatlari bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilib, har payshanba kuni yoshlar bilan muntazam uchrashuvlar tashkil etilishi belgilangan.