O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan bolalarga kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari joriy etildi. Bu 17-aprel kuni imzolangan qonunda nazarda tutilgan.
Qonunga ko‘ra, Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatidan foydalangan ota-onalar ham qator yengilliklarga ega bo‘ladi. Xususan, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun har bir farzandga oyiga 3 million so‘mgacha to‘lanadigan xizmat haqi daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yil 1-yanvarga qadar barcha turdagi soliqlardan (ijtimoiy soliq bundan mustasno) ozod etiladi.
Hujjat bilan yana bir qator o‘zgartirishlar ham kiritildi. Jumladan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalarga ko‘ra, “Inson” markazlari tavsiyasi asosida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, zarur bilim va ko‘nikmalarga ega xotin-qizlar ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinishi mumkin.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.