O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarni xorijda saqlash va ularga ishlov berish tartibi aniq belgilab qo‘yildi. Tegishli o‘zgarishlar Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga kiritildi.

Qonunga ko‘ra, 2026-yil 26-martdan boshlab ayrim turdagi ma’lumotlarni majburiy ravishda mamlakat hududida saqlash talabi joriy etildi. Xususan:

  • biometrik ma’lumotlar;
  • genetik ma’lumotlar;
  • telekommunikatsiya operatorlari xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma’lumotlari

endi faqat O‘zbekistonda saqlanishi shart.

Xorijga uzatish uchun qanday shartlar bor?

Shu bilan birga, qonunchilik boshqa turdagi shaxsga doir ma’lumotlarni xorijda saqlash va qayta ishlashga ham ruxsat beradi, biroq qat’iy shartlar asosida:

  • agar ma’lumot uzatilayotgan davlat shaxsiy ma’lumotlarni yetarli darajada himoya qiluvchi mamlakat sifatida tan olingan bo‘lsa;
  • yoki operator vakolatli organ tasdiqlagan standart shartnomaviy majburiyatlarga amal qilsa.

Xalqaro standartlar talabi

Bundan tashqari, operatorlar shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash bo‘yicha xalqaro standartlarga rioya qilgan taqdirda ham ularni mamlakat tashqarisida qayta ishlashi mumkin. Ushbu standartlar ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.

Mazkur o‘zgarishlar ma’lumotlar xavfsizligini kuchaytirish, fuqarolarning shaxsiy hayot daxlsizligini himoya qilish va raqamli infratuzilma ustidan milliy nazoratni mustahkamlashga qaratilgan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 27/03/2026