Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida voyaga yetmagan o‘quvchiga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 28-mart kuni Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro tomonidan ichki ishlar organlariga murojaat kelib tushgan. Unda 8-umumta’lim maktabining 6-sinfida tahsil olayotgan farzandiga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilgani bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan hamda unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismiga ko‘ra, agar bunday jinoyat 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.