Oʻzbekistonda eski transport vositalari va texnikalarni qayta ishlash (utilizatsiya) tizimi joriy etiladi. Bu Oʻzbekistonning 2026-yilga moʻljallangan davlat dasturida belgilangan.
Rejaga koʻra, 2026-yil sentyabrdan utilizatsiya boʻyicha milliy tizim ishga tushiriladi. Ungacha eski avtomobillar, foydalanish muddati oʻtgan maishiy texnika, elektron qurilmalar hamda quyosh panellarini qayta ishlash boʻyicha alohida dastur ishlab chiqiladi.
Davlat dasturida 20–25 yil foydalanilgan avtomobillarni yangisiga almashtirishni ragʻbatlantirish koʻzda tutilmoqda. Bunda avtomobil ekologik talablarga javob berishi shart boʻladi. Yangi transport vositasini xarid qilgan fuqarolarga chegirmalar, soliq imtiyozlari va boshqa moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralarini berish rejalashtirilgan.
Shuningdek, eski texnika va quyosh panellarini qabul qiladigan maxsus punktlar tashkil etiladi. Elektron qurilmalarni utilizatsiya qilish tartibi qonunchilik bilan mustahkamlanadi.
Joriy yil iyun oyidan eskirgan avtomobillarni qabul qilish, ularning ehtiyot qismlarini qayta ishlash amaliyotini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish boshlanadi. Eski mashinasini utilizatsiyaga topshirgan fuqarolar uchun Trade-in dasturi, kredit foizlarini qoplab berish kabi imtiyozlar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.