AQSHga noqonuniy immigratsiyani tashkil etishda ko‘maklashayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan viza cheklovlari joriy etildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, cheklovlar O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ikki nafar viza xizmatlari kompaniyasining rahbarlari va yuqori lavozimli xodimlariga nisbatan qo‘llanilgan. Ular AQSHga noqonuniy yo‘l bilan borishni rejalashtirgan shaxslar uchun turli “sayohat xizmatlari”ni tashkil etib kelgani aniqlangan.

Viza cheklovlari AQSH Immigratsiya va fuqarolik toʻgʻrisidagi qonunning 212 (a) (3) (C) moddasi asosida joriy etilgan. Ushbu norma AQSH tashqi siyosatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxslarning mamlakatga kirishini taqiqlash imkonini beradi.

Tekshiruvlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi ayrim shaxslar AQSHga noqonuniy immigratsiya qilishni maqsad qilgan chet el fuqarolarini, jumladan voyaga yetmaganlarni aeroportlar va chegara punktlari orqali Markaziy Amerikadagi tranzit hududlarga yetkazish jarayonini muvofiqlashtirgan. Keyinchalik ularning aksariyati AQSH hududiga noqonuniy kirishga uringan paytda qo‘lga olingan.

“AQSH o‘z milliy xavfsizligi va immigratsiya qonunlariga putur yetkazishga qaratilgan har qanday urinishga murosasiz munosabatda bo‘ladi. Noqonuniy immigratsiyadan foyda ko‘rayotgan shaxslar javobgarlikka tortiladi, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi tarmoqlarga qarshi kurash qat’iy davom ettiriladi”, — deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Shuningdek, AQSH noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashda olib borilayotgan hamkorlik uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirgan.

Categorized in:

Dunyo, Mahalliy,

Last Update: 20/02/2026