O‘zbekistonda 1,2 mingdan ortiq fuqaroga soxta haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berilgan holatlar aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Tergov davomida Toshkent shahri hamda Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Navoiy, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida jami 1 200 nafardan ortiq fuqaroga soxta haydovchilik guvohnomalari berilgani aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan Davlat xizmatlari markazi xodimlari va boshqa shaxslarga nisbatan tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, soxta guvohnomaga ega bo‘lgan 455 nafar shaxs tomonidan 1 305 marotaba yo‘l harakati qoidalari buzilgan. Shuningdek, 9 nafar shaxs ishtirokida yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lib, oqibatda 6 nafar fuqaro tan jarohati olgan, 3 nafari esa vafot etgan.
Jinoyat ishining ko‘lami va murakkabligini inobatga olib, Bosh prokuraturada maxsus tergov-tezkor guruhi tashkil etilgan. Hozirda soxta guvohnomalar hamda ularni rasmiylashtirishga asos bo‘lgan hujjatlar to‘liq tekshirilmoqda, tergov harakatlari belgilangan tartibda davom etmoqda.