Xorazmda ayrim sohalarda korrupsiya omillarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi yetarlicha taʼminlanmayotgani tanqid qilindi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, viloyatda 2025-yilda 2024-yilga nisbatan korrupsiyaviy jinoyatlar soni 34 foizga kamaygan. Biroq korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori boʻlgan ayrim sohalarda tegishli choralar yetarlicha koʻrilmagan.
“2025-yilda viloyatda manfaatlar toʻqnashuvi va davlat xizmatida tadbirkorlik bilan shugʻullanishga yoʻl qoʻyganligi uchun 12 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan”, dedi agentlik direktori Akmal Burxanov.
Shunga qaramay, viloyat, tuman va shahar hokimliklarida oʻtkazilgan oʻrganishlarda 60 ga yaqin boshqaruv xodimlarining tadbirkorlik subyektlarida taʼsischi yoki rahbar sifatida faoliyat yuritayotgani aniqlangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid vazifalarni amalga oshirishda tizimli kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 10 nafardan ortiq masʼul rahbarga nisbatan qatʼiy chora koʻrish boʻyicha takliflar Milliy kengashga kiritilgan.
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga asosan, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga haqli emas.