Adliya hamda Raqamli texnologiyalar vazirliklari tomonidan 26-yanvar kuni Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining yangi tahriri davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur hujjat mobil va boshqa aloqa xizmatlaridan foydalanish tartibini soddalashtirish, abonentlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan.

Yangi qoidalarga ko‘ra, mobil aloqa abonentining shaxsiy hisobida mablag‘ yetarli bo‘lmagan taqdirda, operator bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish muddati sezilarli darajada uzaytirildi. Endilikda telefon raqami “mavjud bo‘lmagan” holatga o‘tkazilishi uchun avvalgi 2 oy o‘rniga 1 yilgacha vaqt beriladi. Bu abonentlarga raqamni uzoqroq muddat saqlab qolish imkonini beradi.

Hujjatdagi muhim yangiliklardan yana biri — abonentlarga amaldagi tarif rejasini istalgan boshqa tarif rejasi bilan bepul almashtirish huquqi berilgani bo‘ldi. Bunda faqat muayyan guruhlar yoki cheklangan hududlar uchun mo‘ljallangan maxsus tariflar bundan mustasno etiladi. Tarif shartlari o‘zgartiriladigan bo‘lsa, mobil operatorlar abonentlarni kamida 15 kun oldin OAV, rasmiy sayt yoki SMS orqali xabardor qilishi shart.

Yangi tartib aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini ham kengaytiradi. Xizmat ko‘rsatish punktiga kelish imkoni bo‘lmagan fuqarolar uchun yashash joyiga borib xizmat ko‘rsatish, shuningdek, olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarda sayyor mobil aloqa xizmatlarini tashkil etish belgilandi.

Qoidalarga muvofiq, operator va provayderlar abonentlarga axborot-ma’lumot xizmatlarini 24 soat davomida, hech qanday cheklovlarsiz taqdim etishi shart bo‘ladi. Abonent so‘roviga binoan xizmatlar, tariflar, shaxsiy hisob holati, qarzdorlik, ulangan xizmatlar, internet tezligi va trafik qoldig‘i haqida to‘liq ma’lumot berilishi belgilandi.

Shuningdek, operatorlar texnik nosozliklar haqida foydalanuvchilarni xabardor qilish, axborot sifati ustidan nazorat olib borish hamda ma’lumotlar bazalarini muntazam yangilab borishga majbur etildi. Shahar va tumanlardagi ko‘cha nomlari hamda manzillarga oid o‘zgarishlar axborot bazalariga o‘z vaqtida kiritilishi lozim.

Bundan tashqari, operator-telefonistlar foydalanuvchilar bilan muloqotda aniq va xushmuomala bo‘lishi, belgilangan nutq me’yorlariga qat’iy rioya qilishi shart etib belgilandi. Chaqiruvga javob berishda operator o‘z shaxsiy raqamini aniq aytishi, mavhum iboralardan foydalanmasligi hamda foydalanuvchi axborotni to‘g‘ri tushunganidan so‘nggina suhbatni yakunlashi mumkin.

Yangi qoidalarga ko‘ra, telefon raqamlarini og‘zaki aytish uchun ham yagona standart joriy etildi. Jumladan, to‘rt xonali raqamlar juftlab, to‘qqiz xonali raqamlar esa uch va ikki xonali bloklarga bo‘lib aytilishi belgilandi. Bu noto‘g‘ri tushunish va xatolarning oldini olishga qaratilgan.

Shu bilan birga, operator-telefonist foydalanuvchi savoliga javob topa olmagan yoki shikoyat bilan murojaat qilingan holatlarda uni katta operatorga ulashi majburiy etib belgilandi. Axborot-ma’lumot xizmati vakolatiga kirmaydigan murojaatlar bo‘yicha esa tegishli xizmatlarning aloqa raqamlari taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 27/01/2026