Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Mazkur qonun kelgusi yil uchun O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Qonunga muvofiq, 1-darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lardan faqat 2026-moliya yili davomida foydalaniladi. Ushbu mablag‘lar keyingi moliya yiliga o‘tkazilmaydi.

2026-yil uchun quyidagilar tasdiqlandi:
— mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari;
— ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlarning cheklangan stavkalari;
— chet davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirishi va tranziti uchun yig‘im stavkalari.

Shuningdek, 2026-yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi darajasida belgilandi. Respublika byudjeti umumiy xarajatlarining 3 foizidan ortiq qismini qisqartirish Vazirlar Mahkamasining taklifiga asosan Oliy Majlis palatalari tomonidan amalga oshiriladi. 3 foizdan kam miqdordagi qisqartirishlar esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman va shaharlar byudjetlari xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha qarorlar tegishli mahalliy vakillik organlari tomonidan qabul qilinadi. Xarajatlarni qisqartirishda byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilarning mavjud moliyaviy va yuridik majburiyatlari inobatga olinadi.

Mazkur qonun 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 26/12/2025