Xotin-qizlar va bolalar huquq hamda erkinliklari himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamaga qoʻyilgan. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Loyihaga asosan, yon shajara boʻyicha 2, 3 va 4-darajadagi qarindoshlar, togʻa va amaki, amma va xola oʻz jiyanlari bilan, shuningdek, togʻavachcha, amakivachcha, ammavachcha hamda xolavachchalar oʻrtasida nikoh tuzishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilanmoqda.
Agar nikohlanuvchilardan biri farzandlikka olingan yoki oʻgay farzand boʻlsa va ular aslida qon-qarindosh boʻlmasa, bu taqiq ularga tatbiq etilmaydi.
Nikohga kirishni xohlovchilarning arizasiga koʻra homiladorlik, bola tugʻilishi bilan bogʻliq holatlarda nikoh davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʻpi bilan 1 yilga kamaytirishi mumkin.
Yetarli yoshga toʻlmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha, yaʼni 20 million 600 ming soʻmdan 41 million 200 ming soʻmgacha jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Amaldagi qonunchilikka koʻra, ushbu jinoyat uchun BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha, yaʼni 8 million 240 ming soʻmdan 12 million 360 ming soʻmgacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi beriladi.