O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11—12-dekabr kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Ashxobod shahriga tashrif buyuradi. Prezident tashrifi doirasida Turkmanistonning doimiy betarafligi e’lon qilinganining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025-yilning “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Tadbirda xorijiy davlatlar rahbarlari, hukumat delegatsiyalari hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari qatnashadi. Shavkat Mirziyoyev forumning “Tinchlik va ishonch: barqaror kelajak yo‘lidagi maqsadlar mushtarakligi” mavzusidagi yalpi sessiyasida nutq so‘zlaydi. Sammit doirasida prezidentning bir qator ikki tomonlama uchrashuvlari ham o‘tkazilishi kutilmoqda.