Ijtimoiy tarmoqlarda G‘ijduvon tumani hokimi Farhod Umarovning elektr energiyasidagi uzilishlar bo‘yicha aholiga uzr bildirgan videolavhasi tarqaldi.

Hokim bu fikrlarni ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan bolalarni kunduzgi parvarishlash markazi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir chog‘ida aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda elektr energiyasi ta’minotida ayrim qiyinchiliklar kuzatilmoqda:

“Shaharda, menimcha, kamroq bo‘lyapti, lekin qishloq joylarimizda ko‘p. Shunga men uzrimni aytmoqchiman, shunaqa sharoit bo‘lyapti. Lekin joyiga tushib ketadi. Hozir rahbarlarimiz, o‘zimiz ishlayapmiz, uch-to‘rt kunda joy-joyiga tushib ketadi”, — dedi Farhod Umarov.

Umarov aniq qanday texnik muammolar mavjudligi yoki ularni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani haqida batafsil ma’lumot bermagan.

Vazirlik pozitsiyasi

Bundan avval energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakatda qish mavsumida (favqulodda vaziyatlardan tashqari) keng ko‘lamli cheklovlar rejalashtirilmaganini ta’kidlagan edi. Uning aytishicha, asosiy muammolar:

  • elektr tarmoqlarining 35 foizi 40 yildan ortiq vaqt xizmat qilayotgani,

  • eskirgan infratuzilma tufayli yuklama oshgan davrlarda uzilishlar sodir bo‘layotgani

bilan bog‘liq.

Tayinlov haqida

Ma’lumot uchun, Farhod Umarov 2024-yil 25-noyabrda G‘ijduvon tumani hokimi etib tayinlangan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 05/12/2025