Janubiy Koreyada noqonuniy ishlayotgan o‘zbekistonliklar 2026-yil fevral oyi oxirigacha kirish taqiqlarisiz va jarimalarsiz mamlakatni tark etishlari mumkin. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Koreya Respublikasi Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, ushbu mamlakatda noqonuniy holatda bo‘lib turgan xorijliklar 2025-yil 1-dekabrdan 2026-yil 28-fevralgacha ixtiyoriy ravishda chiqib ketsa, katta miqdordagi jarimalar va Koreyaga qayta kirishga qo‘yiladigan taqiq ijrosi kechiktirib turiladi.
Xorijliklar mamlakatdan chiqishidan ko‘pi bilan 15 kun yoki kamida 3 kun avval yashab turgan manzili bo‘yicha immigratsiya bo‘limiga shaxsan borib oldindan xabar berishi kerak. Yoki www.hikorea.go.kr orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Chiqish kuni esa aeroportdagi immigratsiya bo‘limiga parvozdan 4 soat oldin borib, yakuniy tasdiqdan o‘tish talab etiladi. Pasport, aviachipta hamda ixtiyoriy chiqish arizasi mavjud bo‘lishi kerak.
Quyidagi shaxslar bu imtiyozdan foydalana olmaydi:
- Koreyaga noqonuniy yo‘l bilan kirganlar;
- soxta hujjat ishlatganlar;
- jinoyat sodir etganlar;
- immigratsiya xizmatining Koreyadan chiqib ketish haqidagi buyrug‘ini olib, unga amal qilmaganlar;
- 2025-yil 1-dekabrdan keyin nolegal maqomga tushganlar.
Migratsiya agentligi qo‘shimcha maʼlumotlarni Koreyadagi yagona xorijiylar axborot markazining 1345 qisqa raqami orqali olish mumkinligini bildirdi.