Sirdaryo viloyati IIB matbuot xizmati Guliston shahrida joylashgan oshxonada gaz portlashi bilan bog‘liq holat yuzasidan bir kishi qamoqqa olinganini ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 2-dekabr kuni soat 10:49 da “Taraqqiyot” MFY hududidagi bozordagi ovqatlanish shoxobchasida sodir bo‘lgan. Portlashdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda qurbonlar borligi haqida xabarlar tarqalgan, biroq Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘sha kungi ma’lumotida halok bo‘lganlar yo‘qligini bildirgan edi.

IIBning 3-dekabrdagi rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi — mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish oqibatida odam o‘lishi yoki boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lish — bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. IIB halok bo‘lganlar bor-yo‘qligiga doir ma’lumot bermagan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 03/12/2025