Tashqi ishlar vazirligining xabariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda AQSH bo‘ylab federal migratsiya organlari tomonidan kuchaytirilgan reydlar o‘tkazilmoqda. Tekshiruvlar chog‘ida haydovchilik guvohnomalari va boshqa hujjatlarning haqiqiyligi, muddati, ish huquqi, migrasion maqom hamda haydovchilarning ingliz tilini bilish darajasi tekshirilmoqda.
AQSH hukumati noqonuniy migratsiyaga qarshi choralarni kuchaytirgani sababli federal yo‘llarda keng vakolatlar asosida reydlar olib borilmoqda. Ba’zi ushlangan shaxslar bir nechta haydovchilik guvohnomasidan foydalanganlik yoki boshqa og‘ir gumonlar bilan tilga olinmoqda.
TIV AQSHda avtomobil boshqarayotgan O‘zbekiston fuqarolariga hujjatlarni tartibga keltirish, qonuniy maqomni tasdiqlovchi hujjatlarni doim yonida olib yurish hamda muammoli holatlarda O‘zbekistonning AQSHdagi diplomatik vakolatxonalari va konsulliklariga murojaat qilishni tavsiya etdi.