Oliy sud axborotiga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosari tomonidan keltirilgan iltimosnoma ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, 1990-yilda Namanganda tug‘ilgan, “Finans invest” KSB ta’sischisi va ijtimoiy tarmoqlarda “Real Sanjik” nomi bilan tanilgan Sanjar Karimov Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan.
Unga Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) va 25,273-moddasi 2-qismi (narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatga suiqasd) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Sudning 28-noyabr kuni chiqargan ajrimiga ko‘ra, prokuror iltimosnomasi qanoatlantirilib, Sanjar Karimovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. U qamoqqa olinib, tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan.