Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Surxondaryo Qurilish Invest” DM buyurtmasi asosida o‘tkazilgan yirik davlat xaridida qonunbuzilish holati aniqlanganini ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Boysun tumanidagi “Hongaronsoy” sel suv omboridan nasos stansiyasi va suv uzatish quvurlarini qurish orqali ekin maydonlarining suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan, boshlang‘ich qiymati 38,5 milliard so‘m bo‘lgan tender e’lon qilingan.

Xarid komissiyasi bayonnomasida:

  • “D.Y.T.” MCHJ 36,5 milliard so‘mlik taklifi bilan tanlov g‘olibi,

  • “M.I.T.” XK esa 38,5 milliard so‘mlik taklifi bilan zaxira g‘olib sifatida qayd etilgan.

Biroq tekshiruv jarayonida tenderning yana bir ishtirokchisi — “F.” MCHJ soliq hisob varag‘iga noqonuniy aralashuv yo‘li bilan soxta soliq qarzdorligi mavjud deb ko‘rsatilgani aniqlangan. Mazkur soxta ma’lumot tufayli korxona “Shaffof qurilish” axborot platformasi orqali tenderdan asossiz ravishda chetlashtirilgan.

Holat fosh etilgach, ushbu davlat xaridi bekor qilingan, to‘plangan hujjatlar asosida esa tegishli organlar tomonidan huquqiy baho berish jarayoni boshlangani bildirildi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 17/11/2025