O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda shu shahardagi Migratsiya agentligi vakolatxonasi ko‘magida og‘ir ahvolda qolgan ona va uning qizi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Turkiyaga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida borgan o‘zbekistonlik ayol og‘ir kasallikka chalinib, murakkab vaziyatga tushib qolgan. U yordam so‘rab Bosh konsulxonaga murojaat qilgan. Qayd etilishicha, uning 12 yoshli qizi ham yonida bo‘lgan.

Bosh konsulxona ularning ahvolini o‘rganib, zarur yordam ko‘rsatdi. Oilani vatanga qaytarish uchun hujjatlar tayyorlandi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi ko‘magida aviachiptalar xarid qilindi. Biroq ayolning oyog‘i singani tufayli qaytish muddati kechiktirilgan.

Shifokorlar nazoratida bemorning ahvoli barqarorlashgach, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, protez qo‘yildi. Uning moliyaviy imkoniyati cheklanganligi, so‘nggi uch oy davomida ishlay olmaganligi inobatga olinib, oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, ayolning qizi maxsus yordamga muhtoj ekani aniqlangan.

Bosh konsulxonaning tashabbusi bilan “O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik jamiyati”, Uzbekistan Airways kompaniyasining Turkiyadagi vakilligi hamda diasporaga oid tashkilotlar ko‘magida ona va qiziga zarur yordam berilib, ular O‘zbekistonga qaytarilgan.

Ayni paytda ularning O‘zbekistondagi davolanish va reabilitatsiya jarayonlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda mahalliy hokimiyat idoralari hamkorligida davom ettirilmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 17/11/2025