O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda fuqarolarning Rossiyada mehnat faoliyatini tartibga solish va migratsiya jarayonlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuv O‘zbekiston prezidentining 2024-yil 17-oktyabrdagi xorijda mehnat faoliyati jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha farmoni ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilgan.

Suhbatda Rossiyadagi qurilish va agrosanoat kompleksi korxonalariga o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilish bo‘yicha “pilot loyiha”ni qayta yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, tibbiy ko‘rik va rus tili imtihonlarini Toshkent hamda Jizzaxdagi Rossiya OTM filiallarida o‘tkazish, rus tili, tarixi va qonunchiligi bo‘yicha o‘quv markazlarini tashkil etish rejalari bildirilgan.

Tomonlar, shuningdek, Rossiyada migratsiya reydlari vaqtida o‘zbekistonliklarning huquqlari buzilmasligi va kamsitilmasligi zarurligiga e’tibor qaratishgan.

Uchrashuv yakunida mehnat migratsiyasiga oid muammolarni tezkor hal etish maqsadida tuzilgan ishchi guruh doirasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazib borish haqida kelishuvga erishildi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 13/11/2025