Prezident qarori bilan suv resurslarini quyi bo‘g‘inda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish choralari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga muvofiq, 160 ta “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalarining moliyaviy mustaqilligi oshiriladi, ularning shtatlari egiluvchan boshqaruv tizimi asosida shakllantiriladi hamda moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi.

Shuningdek, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi nasos stansiyalarining 50 foizi 2026-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga topshiriladi.

“Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida 141 ta tumanda kamida 3,5 ming gektar yer maydonida o‘quv dala-shiyponlari tashkil etilishi belgilangan.

Bundan tashqari, suv yetkazib berish xizmatlariga moliyaviy holatdan kelib chiqib shtat birliklari sonini mustaqil belgilash hamda suvdan foydalanganlik uchun soliq tushumining 40 foizini moddiy-texnik bazani mustahkamlashga yo‘naltirish vakolati berildi.

Kooperativ tashkil etilgach, yangi hisobot yilidan boshlab “Do‘stlik tumani suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining vazifa va funksiyalari kooperativga o‘tkaziladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 21/10/2025