Shavkat Mirziyoyev raisligida 21-oktyabr kuni o‘tgan yig‘ilishda har yili sun’iy intellekt bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazilishi e’lon qilindi.

Mazkur tashabbus “Bir million o‘zbek dasturchisi” loyihasining mantiqiy davomi bo‘lgan “Bir million sun’iy intellekt yetakchisi” loyihasi doirasida amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda 100 ming nafar yosh, kelgusi yilda esa kamida 500 ming nafar ishtirokchi sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘qitiladi. Loyiha doirasida maktab o‘quvchilari ham keng qamrab olinadi.

Tanlovda eng yuqori natija ko‘rsatgan 500 nafar yoshnoutbuk, 100 nafar o‘qituvchi1 ming dollar, 2 ta ta’lim tashkiloti esa elektromobil bilan taqdirlanadi.

Sun’iy intellektni rivojlantirish faqat zamonaviy infratuzilma va algoritmlarga emas, balki malakali kadrlarga ham bog‘liq. Shu bois bu sohaning asosi — matematika va informatika fanlaridir. Kadrlar tayyorlashni, eng avvalo, maktabdan boshlash kerak,” — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Keyingi o‘quv yilidan boshlab informatika faniga sun’iy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti (MIT) bilan hamkorlikda maxsus darslik ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” universitetida bu yildan boshlab 100 nafar, keyingi yilda esa 1 300 nafar trener-o‘qituvchi tayyorlanadi. Ular kaskad tizimida maktab va oliygohlardagi informatika o‘qituvchilarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Har yili eng yaxshi 100 nafar informatika o‘qituvchisi sun’iy intellekt rivojlangan davlatlarga malaka oshirish uchun yuboriladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 22/10/2025