Oliy Majlis Senati ma’lumotiga ko‘ra, 2020–2024-yillarda O‘zbekistondan 14 mingga yaqin migrant foydasiga mehnat huquqlarining buzilishi holatlari bo‘yicha 6 mln dollardan ortiq mablag‘ undirilgan.

Mazkur ma’lumot Senat a’zolari ishtirok etgan Markaziy Osiyo davlatlarining III Parlamentlararo forumi doirasidagi sessiyada taqdim etildi. Unda migratsiya, mehnat oqimi, iqtisodiy barqarorlik va fuqarolar huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

Sessiyada O‘zbekistonda mehnat migrantlari huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar, Migratsiya masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi, Migratsiya jamg‘armasi va Migratsiya agentligi faoliyati haqida axborot berildi.

Shuningdek, mamlakatda kadrlar tayyorlash markazlari tashkil etilgani, fuqarolarni huquqiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarining kengaytirilgani, chet elda ishga joylashish geografiyasi tobora ortib borayotgani qayd etildi.

Forum ishtirokchilari migratsiya qonunchiligini uyg‘unlashtirish, xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish, qo‘shma dasturlar ishlab chiqish va xavfsiz mehnat migratsiyasi mexanizmlarini yaratish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surdilar.

Shuningdek, forum doirasida investitsiya muhiti, iqtisodiyot shaffofligi hamda raqamli suverenitet masalalariga bag‘ishlangan sessiyalar ham o‘tkazildi. Ularda O‘zbekiston deputatlari mamlakat qonunchilik tajribasi va ustuvor yo‘nalishlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Categorized in:

Mahalliy, Siyosat,

Last Update: 23/09/2025