Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 2025/2026-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt miqdorlari belgilandi. Mazkur qaror O‘zbekiston ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisi bayoni asosida qabul qilingan.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha bir nafar talabani bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymati tasdiqlangan jadvalda keltirilgan. Stipendiyali to‘lov-kontrakt miqdori esa amaldagi stipendiya miqdorini 12 oyga ko‘paytirgan holda hisoblanadi. Shu bilan birga, o‘quv yili davomida stipendiya oshirilsa, stipendiyali o‘qitish qiymati ham yangi miqdordan kelib chiqib yangilanadi.
Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalari esa 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab yangi qabul qilingan talabalar uchun to‘lov-kontrakt miqdorlarini belgilash huquqiga ega.
Davlat komissiyasi bayonida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun to‘lov miqdorining kamida 25 foizini to‘lash muddati 2025-yil 30-oktyabrgacha uzaytirilgani ham qayd etilgan.