Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda parlament majlisi bayonotida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, moliya bozorida yangi moliyaviy mahsulot va xizmatlarni joriy qilish orqali aholi hamda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoit yaratish dolzarb vazifa hisoblanmoqda. Shu maqsadda Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda sakkizta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, qonunchilikka “islomiy bank”, “moliya operatsiyalari va standartlari” hamda “investitsiyaviy depozit” kabi tushunchalar kiritiladi. Islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya joriy etilib, uni olish bo‘yicha aniq talablar belgilanadi. Mazkur litsenziya asosida to‘laqonli islomiy bank yoki an’anaviy bank tarkibida islomiy “darcha” tashkil etish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, qonun loyihasida banklar tomonidan amalga oshiriladigan islomiy moliya operatsiyalarining asosiy jihatlari belgilangan. Ular qatorida murobaha, muzoraba, musharaka, vakala va salam kabi operatsiyalar qayd etilgan.

Categorized in:

Biznes, Mahalliy,

Last Update: 16/09/2025