Rossiyaning Vladivostok shahrida bir guruh yoshlarning o‘zbekistonlik migrantlarga hujum qilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasining Primorsk o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda rossiyalik o‘smirlarning migrantlarni do‘pposlagani, haqorat qilgani va ustidan kulgani aks etgan. O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli Yusuf Qobuljanov holat aniqlanganidan so‘ng fuqarolar bilan bog‘lanilib, huquqiy yordam ko‘rsatilganini bildirdi. Shuningdek, Vladivostok shahar Ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy ariza va Primorsk o‘lkasi prokuraturasiga tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha nota yuborilgan.
Tergov qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 10-sentabrga o‘tar kechasi Vladivostokning Xabarovsk ko‘chasida sodir bo‘lgan. Spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan o‘smirlar hech bir sababsiz to‘xtab turgan avtomobilga shikast yetkazib, uning saloniga aerozol purkagan. Shundan so‘ng ular do‘konga mahsulot olib kelgan yuk mashinasi haydovchisiga hujum qilgan, do‘konga bostirib kirib xaridorlar va sotuvchining ko‘z o‘ngida bir erkakni kaltaklagan. Keyin esa taksi haydovchisi va salondagi yo‘lovchiga ham hujum qilgan.
Gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlangan: ulardan biri qo‘lga olingan, yana ikki nafari qidiruvda. Tergov organlari ma’lumotiga ko‘ra, ushbu o‘smirlar avval ham bezorilik qilgani uchun jinoyat ishi ochilgan.