Ijtimoiy tarmoqlarda avtobus va mikroavtobus yerning cho‘kkan qismiga tushib qolganiga oid video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar suv ta’minoti korxonasi izoh berdi.
Qayd etilishicha, voqea Mirzo Ulug‘bek tumani Gulsanam ko‘chasida ichimlik suvi tarmoqlarini yangilash, xususan, diametri 400 millimetr bo‘lgan quvurni almashtirish ishlari olib borilayotgan qurilish hududida yuz bergan.
Ma’lumotga ko‘ra, qurilish ishlari rejaga muvofiq davom etayotgan, biroq tarmoqning yaqin qismidagi nosozlik sabab suv sizib chiqishi oqibatida ko‘milgan xandaqlardagi tuproq keskin cho‘kkan. Natijada transport vositalari hosil bo‘lgan chuqurlikka qisman tushib qolgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, avtobusni chiqarish jarayonida maxsus texnika ag‘darilib ketgan. Hozirda kabinada qolib ketgan haydovchini evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, yuzaga kelgan o‘pirilmalarni bartaraf etish ishlari ham tashkil etilgan.