Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarini samarali tashkil etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda umumxalq ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989-yilda o‘tkazilgan. Keyingi yillarda ushbu yo‘nalishda qator huquqiy va tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, aholining har 10 yilda, qishloq xo‘jaligining esa har 5 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilishi belgilandi.
Xalqaro tajriba asosida Jahon banki, UNFPA va FAO ko‘magida ishlab chiqilgan yangi taklifga ko‘ra, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlari 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkaziladi. Uning dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy davomida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshiriladi.
Yangi usul xarajatlarni sezilarli qisqartirib, 1,3 trillion so‘m mablag‘ni tejash imkonini beradi. Shu bilan birga, savollar soni 328 tadan 71 tagacha qisqartirildi.
Ro‘yxatga olish yakunida aholining soni, tarkibi, migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi va daromad manbalari to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holati, chorva mollari va parrandalar soni aniqlanib, sohadagi resurslardan samarali foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim ko‘rsatkichlar yaratiladi.
Ro‘yxatga olish jarayonlari uchun “mahalla yettiligi” maxsus o‘quv dasturi asosida tayyorlanib, rag‘batlantiriladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ibot ishlari olib boriladi.