Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston hukumatining davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish va jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini jadallashtirishga qaratilgan islohotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 500 million dollarlik kreditni ma’qulladi.

Mazkur mablag‘ “Iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish dasturi”ning ikkinchi bosqichi doirasida ajratiladi. Dastur fiskal shaffoflikni kuchaytirish, davlat korxonalarini boshqarishni modernizatsiya qilish, raqobatni rivojlantirish va barqaror iqtisodiy muhit yaratishga qaratilgan.

“Bu dastur O‘zbekistonning institutsional islohotlar va global integratsiya yo‘lidagi qat’iy sadoqatini ifodalaydi. Strategik hamkor sifatida biz mamlakatning iqtisodiy modernizatsiya yo‘lidagi sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.

Asosiy yo‘nalishlar

Davlat–xususiy sheriklik.
Dastur davlat investitsiyalarini samarali boshqarish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish orqali infratuzilma loyihalarida ochiqlik va barqarorlikni ta’minlashni ko‘zda tutadi.

Raqobat va investitsiyalar.
Bozor mexanizmlarini kuchaytirish, sog‘lom raqobatni rag‘batlantirish hamda biznes muhitini yaxshilash uchun yangi qonunlar qabul qilinadi.

Davlat korxonalari.
Korporativ boshqaruvni modernizatsiya qilish, kuzatuv kengashlarining mustaqilligini oshirish, gender tengligi bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar joriy etish va xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini (IFRS) tatbiq etish rejalashtirilgan.

Soliq va audit.
Soliqqa tortish bazasi kengaytiriladi, xalqaro soliq hamkorligi kuchaytiriladi, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinadi va audit tizimi zamonaviy talablar asosida yangilanadi.

Ijtimoiy himoya.
Islohotlarning ijtimoiy oqibatlarini yumshatish, zaif qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy barqarorlikni saqlash choralari ko‘zda tutilgan.

OTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikka joriy yilda 30 yil to‘ldi. 1995-yildan buyon bank mamlakatga 14,6 milliard dollarlik kredit, grant va texnik yordam ajratgan.

Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Namanganda o‘tgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumi doirasida OTB vitse-prezidenti Inmin Yangni qabul qilgan edi. Uchrashuvda infratuzilma, davlat–xususiy sheriklik, biznes, ijtimoiy soha va kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha strategik hamkorlik dasturini tayyorlash muhimligi ta’kidlangan.

Categorized in:

Mahalliy, Yangiliklar,

Last Update: 15/10/2025