Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent va Namangan shaharlarida Xorvatiyaga ishga yuborishni aytib firibgarlik qilgan ikki kishi ushlanganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Buxoro shahrida yashovchi, 1997-yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik jinoyatini sodir qilgan shaxs Toshkent shahri, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaroga o‘zini go‘yoki sayyohlik firma vakili sifatida tanishtirib, ularning ishonchiga kirgan. So‘ngra Xorvatiyada tanishlari borligini aytib, ularni ishchi viza asosida ushbu mamlakatga ishga yuborish evaziga 6000 dollar talab qilgan.

DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan puldan 3000 dollarni oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bu kabi firibgarlik holati Namangan viloyatida ham qayd etilgan. Namangan shahrida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan shaxs aldov yo‘li bilan uch nafar hamshaharining ishonchiga kirgan. Mazkur shaxs hozirda Xorvatiyada ishlovchi akasining ko‘magida ularni ushbu mamlakatga ishlash uchun yuborish evaziga har biridan 2600 dollar, jami 7800 dollar talab qilgan. Ammo u Yangi Namangan tumanida ushbu puldan 3900 dollarni olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirda ikkala qonunbuzarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu moddaga ko‘ra, ancha miqdorda firibgarlik qilish BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha (41,2 million so‘mdan 123,6 million so‘m) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 14/08/2025