Toshkent shahrining Qumariq ko‘chasida yorug‘lik yordamida yo‘l yuzasiga aks ettiriladigan piyodalar o‘tish joyi ilk bor o‘rnatildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Proyeksiyali piyodalar o‘tish joyi hozircha sinov tariqasida qo‘llanmoqda. An’anaviy “zebra”dan farqli ravishda, bunda yo‘l chiziqlari bo‘yoq bilan emas, yorug‘lik yordamida asfalt yuzasiga aks ettiriladi.

Markaz ma’lumotiga ko‘ra, texnologiya piyodalar o‘tish joyining tunda, yomg‘irli va tumanli ob-havoda ham yaxshi ko‘rinishini ta’minlaydi. Aks ettirilgan chiziqlar avtomobil g‘ildiraklari ta’sirida o‘chmaydi va qor yog‘ganidan keyin ham ko‘rinib turadi.

Bu texnologiya yo‘l chiziqlarini muntazam qayta bo‘yash zaruratini ham kamaytirishi kutilmoqda.

Proyeksiyali o‘tish joyi haydovchilarga piyodalar yo‘lagini uzoqroq masofadan payqash va tezlikni oldindan pasaytirish imkonini beradi.

Agar sinov natijalari ijobiy bo‘lsa, bunday piyodalar o‘tish joylarini Toshkentning boshqa tumanlarida ham joriy etish rejalashtirilmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 23/11/2026