Toshkent shahar Yunusobod tumanida Germaniyaga ishga yuborishini aytib, 9 kishini chuv tushirganlar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Keltirilishicha, holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan. “F.A.” MCHJ rahbari J.B. va menejeri A.A. (muqaddam sudlanganlar) fuqarolarni go‘yoki Germaniya davlatiga ishga yuborishi haqida internet ijtimoiy tarmoqlariga e’lonlar joylashtirgan.
Ular ushbu e’lon bo‘yicha murojaat qilgan 9 nafar fuqaro bilan soxta shartnomalar tuzib, ulardan jami 12 500 AQSH dollari va 73,2 mln so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.